Аbstrakt: Mazkur maqolada Buxoro oʻrta asr shaharlariga xos shahriston, ark va raboddan iborat tarkibda shakllanib borganligi, guzarlarning tashkil topishi, muqaddas qadamjolarning tarixiy topografiyasi kabi masalalar haqida so’z yuritiladi. Shuningdek, muqaddas qadamjolarning guzarlar tashkil topishida ishtiroki, ularga nisbatan joylashuvi va natijada Buxoro shahri tarixiy topografiyasining muhim bo’g’iniga aylanib borish jarayoni tahlil qilingan. Buxoroning muqaddas qadamjolari oʻrta asr shaharsozligining ajralmas qismi sifatida nafaqat noyob me’moriy obida, balki shahar arxitekturasi, qurilish an’analari, urbanizatsiya jarayonlari, ijtimoiy hayot va aholining ma’naviy-diniy qiyofasi, shuningdek, shahar tarixiy topografiyasi haqidagi muhim ma’lumotlarni o’zida ifodalashi bilan ham qimmatli manbadir. Mozorlar dastlab mashhur shaxs, mutasavvif, ilohiyotchi olimlarning qabrlaridan iborat boʻlib, keyinchalik ularning atrofi yangi qabrlar hisobiga kengayib boravergan. Bunday jarayonni diniy e’tiqodning jamiyat ma’naviy-maishiy hayotiga chuqur kirib borishi bilan izohlash mumkin. Oddiy xalq marhumning avliyolar yonida dafn qilinishini narigi dunyo azoblariga kafolat deb tushungan. Bunday qabristonlarni shahar ichkarisida ham, tashqarisida ham uchratish mumkin. Qabristonlar atrofi boʻylab bosqichma-bosqich aholi yashash manzillari vujudga kela boshlagan. Ijtimoiy hayot davom etib, aholi gavjumlashib yangi-yangi guzarlar, mahalla va mavzelar shakllanib borgan. Demak, muqaddas qadamjolar shahar topografiyasining muhim tarkibiy qismiga aylanib, uning hududi kengayishiga o’z ta’sini o’tkazgan.
Kalit So’zlar: Topografik Plan, Me’moriy Obida, Shaharsozlik, Shahar Tarixiy Topografiyasi, Tarixiy Manba, Sharqiy Darvoza, Ziyoratgoh, Imorat, Kvartal, Inshoot.